Botir Zaripov "Buxoro Agroklaster zaminlari" MCHJning Qorovulbozor tumanidagi paxta maydonlarida ham bo‘ldi.

Qorovulbozorlik mehnat faxriylarining aytishicha, bir paytlar bu joylarga 50–60 yil davomida chigit ekish, paxta yetishtirish hatto, orzu ham qilinmagan. Ammo bugun o‘sha “orzu qilinmagan” yerlardan gektariga 70-80 sentnergacha hosil olinmoqda.

“Sug‘oriladigan suv yo‘q, qaqroq bu yerda hech narsa unmaydi” degan gaplar endi quruq gap, bahona ekan. To‘g‘ri yondashuv bilan cho‘ldan ham mo‘l hosil olish mumkinligini ayni kunda klaster mutasaddilari xitoylik hamkorlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, amalda isbotladi. 

Aytaylik, Xitoyning “Xin Lu Zao-78”, “Xin Lu Zao-57” g‘o‘za navlarida ko‘sak qurtiga qarshi hamda mineral o‘g‘itlarga chidamli gen mavjudligi, o‘simlik bo‘yi o‘rtacha 80-90 santimetrdan oshmasligi, yetishtirilgan paxta hosili bir vaqtda ochilishi hamda mashina terimiga mosligi dehqonlarimizga juda ma’qul bo‘lmoqda.

O‘tgan yil 700 gektarda “oq oltin” yetishtirilgan bo‘lsa, bu yil erta bahorida 900 gektar yerga chigit qadab, ko‘zlangan hosil yaratildi. Ayni kunda 82 nafar ishchi-mutaxassis, brigadir, suvchi mexanizatorlariga ega jamoa 450 gektarda tomchilatib sug‘orish uslubini joriy etib, qolgan yarmida ochiq sug‘oriladigan maydonda barakali hosil yetishtirdi.

Shu yilgi paxta yig‘im-terimi asosan terim kombaynlarida olib borilib, mavsum boshidan 6 ta “John Deere” rusumli agregatdan foydalanilmoqda. Davlat shartnoma rejasi esa 2700 tonna belgilangani holda jamiyat mehnatkashlari allaqachon bu “dovon”dan oshib o‘tishdi. 

Shunga qaramasdan, yirik xo‘jalikda qariyb 300 gektar yerda paxta birinchi terimi endi boshlanmoqda. Demak, “oq oltin” xirmoni ko‘zlanganidan deyarli ikki baravarga ko‘proq.

Botir Zaripov yig‘im-terim jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, viloyat rahbari klaster mutasaddilari va qishloq xo‘jaligiga daxldor mas’ullar bilan muloqot qilib, joriy vazifalar va istiqboldagi rejalar haqida fikrlashdi. 

Янгиликлар

ЎзА янгиликлари