Qorovulbozor: Choʼlquvarlar zaminida 54 kilometr suv yoʼli oʼzani betonlashtirilmoqda

Yakuniga yetayotgan yilda viloyatimizda mavjud 3070 ta paxta va gʼallachilik, shuningdek, 1158 ta bogʼdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashtirilgan, shuningdek, 764 ta chorvachilik tarmogʼida band fermer xoʼjaliklarining umumiy hisobda 360 kilometr ichki sugʼorish tarmoqlarini toʼliq betonlashtirish, bu bilan suv oʼtkazish tarmoqlari ishini yaxshilash, “obi hayot” sarfini keskin qisqartirish va sugʼorish ishlari samaradorligini oshirish harakatiga jiddiy kirishilgan. 
Bu borada davlatimiz rahbari raisligida shu yil 29 noyabrь kuni qishloq xoʼjaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yoʼqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishi asos boʼlib xizmat qilmoqda. Ekin yerlarini sugʼorishga doir duch kelinayotgan muammolarni hal qilish maqsadida bir yil davomida respublikamiz viloyatlarida suvni tejash boʼyicha favqulodda ish tizimiga oʼtilmoqda.
Bugunga kelib Qorovulbozor tumanida jami sugʼoriladigan ekin yeri 16 ming 800 gektarga yetkazilgan boʼlib, shundan 5 ming 525 gektarda boshoqli don—gʼalla, 5 ming 616 gektar maydonda paxta hosili yetishtirib kelinadi. Bundan tashqari, hududda aholi tomorqa yeri hamda bogʼ-chorbogʼlar bilan qoʼshib hisoblaganda, 5 ming 657 gektarga yetkazilgan ekin yerida mahalliy dehqon mirishkorlar koʼp yillik tajribalariga tayangan holda elimiz dasturxoni uchun moʼl hosil yetishtirib kelmoqdalar.

Mazkur ekin yerlariga tumanda 5 ta xoʼjaliklararo kanal va 13 ta suv taqsimlash gidroinshooti orqali “obi hayot” yetkazib berilmoqda. Shuning barobarida suv yoʼllari taʼmiri bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Chunonchi, hududdan oʼtgan kanallarning 1,5 kilometr qismi, “Qorovulbozor” markaziy kanalining 300-310-piketlari oraligʼi 2022 yil kech kuzidan agroklaster hamda fermer xoʼjaliklarida mavjud ishchi kuchi va texnikalari yordamida betonlashtirilgan boʼlib, yana 22 kilometr masofadagi suv yoʼli tozalangan. 
Аyni kunda tuman dehqon mirishkorlari ekin yerlarini erta bahorgi ekishga tayyorlash, chuqur shudgordan chiqarish, bogʼ-tokzorlarni tartibga solish, kelgusi yil rizq-roʼz manbai—bugʼdoy parvarishi, qolaversa, ekin yerlarini kengaytirish, yerga yer qoʼshish agrotexnik tadbirlari bilan birga, hududdagi suv yoʼllarini betonlashtirish ishlarini davom ettirmoqdalar.

Hozirda Navbahor, Boʼzachi va Jarqoq hududlaridagi ichki xoʼjaliklararo suv tarmogʼi 66 kilometrdan ziyod boʼlib, shundan 2023 yil kech kuzidan 2024 yil erta bahorgacha mavsumda 54 kilometr ariqni betonlashtirish loyihasi ishlab chiqilgan, — deydi tuman hokimligi irrigatsiya boʼlimi boshligʼi Rahmatullo Yahyoev. — Birgina joriy dekabrь oyida hududdagi 16 kilometr ariqni betonlashtirish ishlari jadal bormoqda. Shundan amalda bajarilgan ish hajmi 5 kilometrni yoki 32 foizni tashkil etmoqda. Kundalik oʼrganishlardan koʼrinishicha, xoʼjaliklararo ichki tarmoqlardan kuniga 300-350 metr qismi betonlashtirilmoqda. 
Manzilli olib borilayotgan ishlarga toʼxtalsak, hozirda “Boʼzachi” MFY da faoliyat yuritayotgan “Emir Murod”, “Yahyo Javohir”, “Jarqoq” hududidagi “Zarafshon-Nurafshon”, “Shahruzbek zamini” hamda “Ark Eko Tekstile Sluster” MChJ shaklidagi paxta-toʼqimachilik klasteri ekin yerlariga boradigan ariqlar oʼzanining 200 metrdan 600 metrgacha qismi jamoalar ishchi-xizmatchilari tomonidan betonlashtirilmoqda.      

Bundan tashqari, oʼtgan yil boshidan “Ark Eko Tekstile Sluster” klasteri tomonidan Qorovulbozor tumanida 4 ming gektardan ziyod yerni qishloq xoʼjaligi oborotiga kiritish ishlari tizimli olib borilmoqda. Shuningdek, “Bukhara Agroklaster” klasteri tomonidan 3 ming gektar tashlandiq yerni foydalanishga kiritish saʼy-harakati olib borilayotgani ham ekin yerlarini “obi hayot” bilan taʼminlashda yangi talablarni koʼndalang qoʼymoqda. 
Mana, ikki yildirki, yangi oʼzlashtirilayotgan mazkur konturlarda ekilgan ekinlar, jumladan, paxtadan moʼl hosil olinmoqda. Masalan, “Аrk Eko Tekstile Sluster” klasteri tomonidan yangidan ochilgan konturlarning 500 gektarida tajriba-sinov tariqasida barakali hosil yetishtirildi. Buning uchun hudud irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash maqsadida 3 kilometr masofaga ariq qazilib, suv yoʼli ochilib, uzunligi 10 kilometrga elektr tarmogʼi tortilgan.

Umuman, “obi hayot” taqchilligi tobora sezilayotgan hozirgi paytda viloyatimizning barcha tumanlarida ekin yerlariga boradigan ariqlarni betonlashtirish ishlari jadal bormoqda. Zero, bunday kanal va ariqlarda suv ravon oqadi va asosiysi, bebaho tabiat neʼmati yerga behuda singib, koʼp miqdorda isrof boʼlishining oldi olinadi. Taʼkidlash joizki, joriy yilda davlat dasturi asosida markazlashgan kapital mablagʼlari hisobidan 78,4 kilometr, joylardagi paxta-toʼqimachilik klasterlari hamda fermer xoʼjaliklari hisobidan 116 kilometr uzunlikdagi tumanlararo va xoʼjaliklararo kanal hamda ariqlarni betonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda. 
Viloyat hokimligi matbuot xizmati

 

Янгиликлар

ЎзА янгиликлари