2023-yil 12-avgust kuni Buxoro viloyatida o‘tkazilgan Respublika ko‘rgazma-seminari ishtirokchilari Buxoro agroklaster tizimidagi “Buxoro Agroklaster DZZ” korxonasida ish jarayonlari bilan tanishdi.
“Buxoro Agroklaster DZZ” korxonasida sutni qayta ishlash va qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. 6,2 million dollarlik sarmoya evaziga qarovsiz maydonda zamonaviy majmua qurilib, Italiya va Rossiyadan uskunalar olib kelindi. 2021-yilda ochilgan korxonada bugungi kunda yiliga 22 ming tonna sut qayta ishlanmoqda. Undan kefir, sut, pishloq, qatiq, qaymoq, smetana kabi qirqdan ortiq turdagi mahsulotlar tayyorlanadi. 150 nafar aholi bandligi ta’minlandi.
Klasterning kengayishiga ishlar ko‘lami va daromadning ortishi sabab bo‘ldi. Majmua hududida yangi inshootlar barpo etildi. Xususan, korxona tizimida yer uchastkalari unumdorligini belgilovchi zamonaviy laboratoriya ishga tushirildi. U zamonaviy nemis texnologiyalari bilan jihozlangan, tuproq tarkibining qirqdan ortiq, suv miqdorining o‘nga yaqin ko‘rsatkichini aniqlash imkoniyatiga ega.
Buxoro viloyatida ekin maydonlarining sho‘rlanishi boshqa viloyatlarga nisbatan yuqori. Hosildorlikka erishish uchun tuproqni tahlil qilish zarur. Bu laboratoriyada tuproqning kimyoviy tarkibi o‘rganiladi, uning yordamida o‘simliklarning mineral va organik o‘g‘itlarga bo‘lgan ehtiyoji aniqlanadi. Tuproq xossalari, sho'rlanish darajasi ham diqqat bilan o'rganiladi. Uning natijalariga ko‘ra yerning holatini normallashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu yerda yaratilgan maʼlumotlar boshqa korxona loyihasi – Agro Smart Map Uz platformasiga yuklanadi. Ushbu ma’lumotlar asosida yer egalari zarur agrotexnologik tavsiyalarni oladi.
Ishtirokchilar laboratoriyadagi sharoitlar bilan ham tanishdilar. Ularga korxona va laboratoriyaning ish tizimi, afzalliklari, “Buxoro agroklaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining quyidagi loyihalari haqida so‘zlab berildi.