Respublika seminari ishtirokchilari AZTEKS korxonasida

 

     Buxoro viloyatida o‘tkazilgan respublika seminari dasturi doirasida joriy yilning 12 avgust kuni uning ishtirokchilarining navbatdagi manzili Shofirkon tumanidagi 1200 o‘ringa mo‘ljallangan “AZTEKS” tikuvchilik korxonasi bo‘ldi.

     Jamiyat asoschisi Azamat Sultonov mehmonlarga loyihani tashkil etish g‘oyasi va korxona faoliyati haqida batafsil so‘zlab berdi.

     Zamonaviy tikuv sexlari, xomashyo va tayyor mahsulotlar omborlari, idora va xo‘jalik inshootlari bilan jihozlangan majmua faoliyati ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

     Mazkur korxonada paxta xomashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan yirik istiqbolli loyiha ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati, korxonaning istiqboldagi loyihalari, eksport geografiyasi, xomashyo manbalari xususida fikr almashildi.

     Ta’kidlash joizki, “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘inida barpo etilgan o‘lchami 120 ga 108 metr bo‘lgan mazkur korxona Turkiya davlati texnologiyasi asosida qurilgan zamonaviy tikuv uskunalari va dastgohlar bilan jihozlangan. Loyihaning umumiy qiymati 50 milliard 700 million so‘mga baholanmoqda.

     Mazkur korxonada Yaponiyadan xarid qilingan 14 milliard 170 million dollarga 660 dona zamonaviy tikuv mashinasi o‘rnatilib, zarur jihozlar xarid qilishga bundan ham ko‘proq mablag‘ yo‘naltirildi. Korxonada 22 ta guruh tikuv liniyasi mavjud bo‘lib, ularning har biri 30 ta tikuv mashinasidan iborat. Bu jarayonda ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo – yarim tayyor mahsulotlar – gazlamaga 10 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarflanmoqda.

     Viloyatda mazkur yirik sanoat korxonasi faoliyatining boshlanishi viloyat iqtisodiy-ijtimoiy hayotida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi. Sababi, mazkur korxona tufayli tumandagi 1200 dan ortiq tikuvchi ayol ishga joylashdi, o‘nlab, yuzlab oilalar moddiy manfaatdor bo‘ldi.Seminar ishtirokchilari bu jihatlarga ham alohida e’tibor qaratdilar.

 

Янгиликлар

ЎзА янгиликлари